MAHMUD ZAMAXSHARIY VA U YASHAGAN DAVRDAGI ILMIY - MADANIY HAYOT
Annotatsiya
Mazkur maqola IX – XII asrlarda Markaziy Osiyo va musulmon Sharqida yuz bergan intellektual va madaniy yuksalish — Sharq Renessansining ijtimoiy - siyosiy hamda falsafiy - diniy asoslarini tadqiq etishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda Somoniylar davlati va Qoraxoniylar xonligi misolida markazlashgan boshqaruv tizimi, eloqxonlik instituti hamda davlat tomonidan ilm ahliga ko‘rsatilgan moddiy va ma’naviy homiylikning ilmiy markazl ar rivojidagi o‘rni atroflicha tahlil qilingan. Bag‘doddagi “Bayt ul - hikma” hamda Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi kabi muassasalarning ratsionalistik an’analarni qaror toptirishdagi ahamiyati ko‘rsatib berilgan. Davrning eng yetakchi intellektual muammolarid an biri bo‘lgan aql va naql (ratsional bilish va vahiy) nisbati masalasi mu’taziliylik, ash’ariylik hamda moturidiylik maktablari doirasida qiyosiy o‘rganilgan. Maqolada ushbu murakkab falsafiy - diniy va ilmiy muhit buyuk alloma Mahmud Zamaxshariy dunyoqara shiga qanday ta’sir ko‘rsatgani va uning “Atvoq uz - zahab” asaridagi o‘ziga xos axloqiy - falsafiy g‘oyalarning shakllanishida bosh omil bo‘lib xizmat qilgani ilmiy jihatdan asoslab berilgan.